Uchish xavfsizligi qoidalarini buzish
Aerodrom hududida aerodromlarni tanib olish uchun qabul qilingan markirovka belgilariga va qurilmalarga oʻxshash biror-bir belgi va qurilma oʻrnatish yoki aerodrom hududida parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatni belgilangan tartibda kelishilmagan holda amalga oshirish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Binolar va inshootlarda tungi va kunduzgi markirovka belgilarini yoki qurilmalarini oʻrnatish qoidalarini bajarmaganlik, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Aerodrom uskunalarini, aerodrom belgilarini, havo kemalarini va ularning uskunalarini shikastlantirish, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Tegishli ruxsati boʻlmay turib aeroportlar (aerovokzallardan tashqari), aerodromlar, uchishni radio va yorugʻlik bilan taʼminlab turuvchi obyektlar hududida piyoda yoki transportda yurish, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mastlik holatida boʻlgan shaxs tomonidan havo kemasini boshqarish, xuddi shuningdek bunday holatda boʻlgan ekipaj aʼzolarining havo kemasini boshqarishiga ijozat berish yoxud havo kemasini boshqaruvchi shaxsning alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi taʼsiridagi yoki oʻzgacha tarzdagi mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibga muvofiq tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlashi, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Baxtsiz aviatsiya hodisasi deb topilgan hodisani, u haqidagi maʼlumotlarni qasddan yashirish, xuddi shuningdek ushbu hodisa toʻgʻrisidagi axborotni qasddan buzib koʻrsatish, bortdagi va yerdagi obyektiv nazorat vositalarining maʼlumotlariga hamda baxtsiz aviatsiya hodisasi bilan bogʻliq boshqa daliliy materiallarga qasddan shikast yetkazish yoki ularni qasddan yoʻq qilib yuborish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish