Oz miqdorda talon-toroj qilish
Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini oʻgʻirlash, oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiisteʼmol qilish yoki firibgarlik yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni oʻgʻirlash tarzida sodir etilgan oz miqdorda talon-toroj qilish, shuningdek mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning koʻmir yoqilgʻisini oʻgʻirlash, oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiisteʼmol qilish yoki firibgarlik yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj qilish, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Basharti talon-toroj qilingan mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanadi.
Tijorat maqsadi deganda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan muayyan faoliyatda foyda yoki daromad olishga qaratilgan maqsad tushuniladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish