Xalq tabobati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega boʻlmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini koʻrsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targʻib qilish, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor boʻlish evaziga koʻrsatish, shuningdek mazkur xizmatlarni omma oldida targʻib qilish, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish