Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish
Yerdan, suvdan, oʻsimlik yoki hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish yoxud yerga va boshqa tabiiy resurslarga (bundan yer osti boyliklari va yer osti suvlari mustasno) egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlar sodir etish, tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”
Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʻlmagan holda ulardan foydalanish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash boʻlgan va tutash boʻlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — toʻrt yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini taʼminlasa va oʻzboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish