Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining koʻrsatmalarini bajarishdan qasddan boʻyin tovlash yoki oʻz vaqtida bajarmaslik (bundan 300 kub metrdan ortiq boʻlmagan yashash uchun moʻljallanmagan joylar hamda ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joy qurilish obyektlari mustasno), —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Loyiha tashkiloti tomonidan buyurtmachiga qurilish-montaj ishlari davomida loyihaga muvofiq beriladigan majburiy koʻrsatmalarni toʻliq bajarmaslik, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Binokorlik materiallarini, konstruksiyalarini va buyumlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar talablarini buzish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Qurilishi tugallangan binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashga taqiqlar (cheklovlar) belgilangan zonalarda ushbu ishlarni bajarish yoki aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga, ularni rejalashtirish va qurish loyihalariga zid ravishda (bosh rejalarda nazarda tutilmagan) binolar va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Obyektlarni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasini yoki Transport nazorati inspeksiyasini xabardor qilmasdan yoxud roʻyxatdan oʻtkazmasdan qurish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Obyektlarni ekspert tashkilotlarning shaharsozlik hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz qurish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning oʻninchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shaharsozlik hujjatlariga ularda nogironligi boʻlgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish boʻyicha loyihaning alohida boʻlimi (qismi) mavjud boʻlmagan holda yoki shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq boʻlmagan ushbu alohida boʻlim (qism) boʻyicha ekspert tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shaharsozlik hujjatlarida nogironligi boʻlgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish boʻyicha loyihaning alohida boʻlimiga (qismiga) amal qilinmagan holda qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan ruxsatnoma berish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish