Suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish
Tabiiy suv oqimlari (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar), suv havzalari (koʻllar, dengizlar) va boshqa tabiiy suv obyektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini, suv olish limitlarini buzish, suvlarning hamda suv obyektlarining holatiga taʼsir koʻrsatuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni oʻzboshimchalik bilan bajarish, shuningdek aholi punktlaridagi va tuman (shahar) markazlaridagi ariqlarni, irrigatsiya tizimlarini koʻmib tashlash loyihada nazarda tutilgan baliqlarni muhofaza qilish inshootlari va qurilmalari boʻlmagan holda ulardan suv olishni amalga oshirish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Sunʼiy suv oqimlari (ochiq va yopiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari), suv havzalari (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) hamda boshqa sunʼiy suv obyektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish, yaʼni suvdan xoʻjasizlarcha foydalanish, suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni oʻzboshimchalik bilan bajarish, suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlari, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Yer osti suvli qatlamlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini, yer osti suvli qatlamlaridan suv olish limitlarini buzish, yer osti suvlaridan oʻzboshimchalik bilan suv olish, yer osti suvlariga quduqni qonunga xilof ravishda burgʻilash, bundan jismoniy shaxslarning oʻz ehtiyojlari, shu jumladan tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suvdan umumiy foydalanishi mustasno, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining olti baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma bir baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish