Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 72-modda

Suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzish

Suvlarni ifloslantirish yoki bulgʻatish, suvtoʻplagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yoʻl qoʻyish shartlari toʻgʻrisidagi talablarni buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Korxonalar, kommunal va boshqa obyektlarni suvlarning ifloslanishi va bulgʻanishi yoki ularning zararli oqibatlari oldini oluvchi inshootlar va qurilmalarsiz foydalanishga topshirish, shuningdek suv obyektlarining tabiiy holatini buzuvchi boshqa harakatlar qilish —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Suv quduqlarini qazishning belgilangan qoidalarini va texnologiyasini buzish (bundan jismoniy shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun, shu jumladan tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun yer osti suvlarini yakka tartibda olishga moʻljallangan quduqlarni qazish hollari mustasno), ishlatilayotgan va kuzatuv quduqlarini yoʻq qilib yuborish yoki shikastlantirish, suv oʻzi chiqadigan quduqlarni ularni tartibga soladigan qurilmalar bilan jihozlashga, shuningdek ishlatishga yaroqsiz quduqlarni konservatsiyalashga yoki yoʻq qilishga doir choralarni koʻrmaslik, sifatli yer osti suvlari hosil boʻladigan tegrada yer osti suvlari ifloslanishining yoki sifati yomonlashishining manbai boʻlib qolishi mumkin boʻlgan sanoat, qishloq xoʻjaligi inshootlarini va boshqa obyektlarni joylashtirish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan oʻttiz besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.