Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 70-modda

Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish

Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga oʻzboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda kon nazorati organlari bilan kelishmay turib ishga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish talablari va tartibini buzish (bundan foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish mustasno), yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi talablarini buzish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalarini va tabiiy muhitni, binolar va inshootlarni yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarning zararli taʼsiridan muhofaza qilish talablarini bajarmaslik, yer osti suvlari rejimini kuzatish uchun qazilgan quduqlarni, marksheyderlik va geologik belgilarni yoʻq qilish yoki shikastlantirish, xuddi shuningdek umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarini yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar tomonidan buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Konlarning boy uchastkalarini tanlab ishlatish, mineral xom ashyoni qazib olayotganda va qayta ishlashda foydali qazilmalarni normativdan ortiq nobud qilish, foydali qazilma konlarini yaroqsiz holga keltirish va foydali qazilma zaxiralaridan oqilona foydalanish talablarini boshqacha tarzda buzish —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Marksheyderlik hujjatlarini yoʻqotish, tugatilayotgan yoki konservatsiya qilinayotgan konlarni va burgʻilangan quduqlarni aholining xavfsizligini taʼminlovchi holatga keltirib qoʻyish talablarini, shuningdek konservatsiya vaqtida konlarni, qazilayotgan joylarni va burgʻilangan quduqlarni muhofaza etish talablarini bajarmaslik —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.