Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 17¹-modda

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun shaxslarning maʼmuriy javobgarligi

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali ushbu Kodeks 125-moddasining birinchi (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslikka oid qismida), beshinchi va oltinchi qismlarida, 128 (bundan ushbu moddaning yoʻlning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilangan talablarga rioya etmaslikka, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishga, yoʻlovchilarga yoki piyodalarga loyqa sachratishga oid qismlari mustasno), 128¹, 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 128⁷, 128⁹, 128¹⁰, 129 va 130-moddalarida, 135-moddasining ikkinchi (transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga taalluqli qismida) va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar qayd etiladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.

Yuridik shaxsga qonunchilikka muvofiq tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, huquqbuzarlikning takroriyligi hisobga olinmaydi, ushbu Kodeks 321-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.

Agar maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori oʻziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yoʻl harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalanilgan holda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda ular kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning maʼmuriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va maʼmuriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi. Bunda tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talab qilinmaydi.

Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot jarima solish haqida qaror chiqarishga vakolatli boʻlgan shaxsga yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat ichida yuborilmagan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Tezkor va maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga ularning toʻsiqsiz oʻtib ketishi uchun yoʻl bergan transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar foto- va videoqayd etishning maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, haydovchilarning maʼmuriy huquqbuzarligi oxirgi zarurat holatlarda sodir etilgan deb topiladi va maʼmuriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.