Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 9-modda

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi

Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilayotgan qonunchilikka asosan javobgarlikka tortiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi ostidagi yoki Oʻzbekiston Respublikasining portida roʻyxatga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv boʻshligʻida boʻlgan kemada maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar ular chet davlat hududida huquqbuzarlik sodir etgan va ushbu Kodeksning 47⁶-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun oʻsha davlatning qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, yaʼni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega boʻlmaydi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotgan vaqt va joyda amal qilib turgan qonunchilik asosida yuritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda valyuta qimmatliklari, bojxona, soliq, qimmatli qogʻozlar bozori, raqobat hamda kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq qilmishlar uchun maʼmuriy javobgarlik oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq boshqa turdagi javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.