Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 17⁴-modda

Maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun shaxslarning maʼmuriy javobgarligi

Ushbu Kodeks 70-moddasining birinchi qismida, 70¹, 72, 77-moddalarida, 79-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida, 81, 82, 83-moddalarida, 84-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 88-moddasida, 90-moddasining birinchi qismida, 91-moddasida, 91¹-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 92-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs yoki transport vositasining mulkdori yoxud mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning qonunchilikka muvofiq yuridik shaxsga tegishli boʻlgan transport vositasidan foydalanib sodir etilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.

Agar maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori oʻziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan, maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Tadbirkorlik subyektlari va aholi tomonidan yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosuratlar va videoyozuvlarga tenglashtiriladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.